Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Termiz davlat universitetida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
O‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida “Yoshlar markazi”da adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Navoiyshunos olimlar tomonidan shoir ijodi haqida ilmiy ma’lumotlar berildi, talabalar esa “Xamsa” asari asosida sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar.
Axborot texnologiyalari fakultetida o‘tkazilgan tadbirda Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va turkiy adabiyot taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida fikrlar bildirildi.
Kimyo fakultetida “So‘z mulkining boqiy sultoni — Mir Alisher Navoiy” mavzusida tadbir tashkil etilib, shoir asarlaridan namunalar o‘qildi, g‘azal va ruboiylar ijro etildi. Tadbir yakunida faol va yutuqlarga erishgan talabalar taqdirlandi.
Shuningdek, “Navoiy asarlari bilimdoni” nomli ma’naviy-ilmiy tadbir o‘tkazilib, faol ishtirok etgan talabalarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida mumtoz adabiyotga mehr uyg‘otib, ularning ma’naviy kamolotiga xizmat qilmoqda.


