14-yanvar O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qiladigan kasb egalari – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari tashkil topgan kun sifatida nishonlanmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan bugun Termiz davlat universiteti va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi-mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari B.Xidirov va mas’ul xodimlari, universitet yoshlar masalalari bilan ishlash bo‘yicha prorektori O.Shofiyev, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar tomonidan ta’kidlanganidek, bugun osuda hayotimizning tinchligini asrashda Vatan himoyachilari, tunu-kun xizmat qilayotgan mard va jasur posbonlarimizning o‘rni beqiyos.
Universitetning besh ming nafar talabasini qamrab olgan mazkur tadbirda jangovor chiqishlar, vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi. Ayniqsa, tadbirdan o‘rin olgan ichki ishlar organlarining texnika va qurol-aslahalari ko‘rgazmasi yoshlarda ushbu sohaga qiziqish uyg‘otdi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi vatanparvarlik tadbirlari talaba-yoshlarda Vatanga mehr-muhabbat, vatanparvarlik, qalbida faxr tuyg‘usini uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etdi.


