Surxondaryo viloyati hokimining tashabbusi bilan Oltinsoy tumanidagi qator maktablar viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga biriktirilib, ularga metodik ko‘mak berish, hamkorlikda qator tadbirlar o‘tkazish belgilangan.
Shu munosabat bilan Termiz davlat universitetining mas’ullari va iqtidorli talabalaridan iborat “Ma’naviyat karvoni” Oltinsoy tumanidagi 64-maktabga yo‘l oldi. Universitetning iqtidorli talabalari o‘quvchilarda ijodiy fikrlashni rivojlantirish bilim ko‘nikmalarini oshirish maqsadida matematika, ingliz tili, rus tili, kimyo, IT sohalaridan bir soatlik dars mashg‘ulotlarini o‘tishdi.
Shuningdek, talabalar tomonidan konsert dasturi, sport musobaqalari o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarni ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarida yanada rivojlantirish, ular uchun keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, Termiz davlat universitetining yoshlar bilan hamkorlikdagi faoliyatini kengaytirishdir.
Bu kabi tadbirlar nafaqat talabalarning bilim doirasini kengaytirish, balki ularning jamiyatga foydali, ijtimoiy faollikni oshirishga ham yordam beradi. Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari va talabalari tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir, talabalar va o‘quvchilarning birgalikda ishlash, o‘zaro fikr almashish va yangi bilimlarni o‘rganish imkoniyatlarini yaratdi.


