O‘zbekiston-Turkiya hamkorlik aloqalarini kengaytirish doirasida "Turk-Lab-Med" MChJ hamda Termiz davlat universiteti tomonidan 1,5 mln dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga qator laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatuvchi markazlar tashkil etilgan. Mazkur hamkorlik aloqalari natijasida ishga tushirilgan laboratoriyalarda 40 dan ortiq Termiz davlat universiteti bitiruvchilari ish bilan ta’minlangan.
Bugun Termiz shahrida "Turk-Lab-Med" MChJ hamda Termiz davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali bilan hamkorlikda navbatdagi o'quv laboratoriya markazi faoliyatini boshladi. Markazning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, "Turk-Lab-Med" MChJ va sog‘liqni saqlash sohasi mutasaddilari hamda nuroniylar va faollar ishtirok etdi.
Ushbu laboratoriya markazining ishga tushirilishi natijasida mikroorganizmlar biologiyasini o‘rganish, hujayraviy tuzilishi, kulturalar hosil qilish, mikroblarni turlarga ajratish, immunoferment analizi, mikroorganizmlarni aniqlash kabi xizmatlar ko‘rsatiladi hamda bevosita oliygoh talabalari uchun amaliy ishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbir ishtirokchilari laboratoriyada yaratilgan sharoitlar, o‘rnatilgan zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari bilan tanishishdi.


