Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi va kasb egallashiga ko‘maklashish yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur vazifalar ijrosi doirasida shahar va tumanlardan taklif etilgan 150 nafar ishsiz yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda mutasaddi tashkilot va idoralar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularga biriktirilgan rahbarlarning mas’uliyatini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyat hokimi uchrashuvda ishtirok etgan har bir yosh bilan alohida suhbatlashib, ularga mas’ul rahbarlarni biriktirdi. Yoshlarning qiziqish va istaklarini inobatga olgan holda kasbga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Viloyat rahbari yoshlar bilan ishlashda avvalo sifat va amaliy natijaga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab, har bir yoshning bandligini manzilli va barqaror ta’minlash muhim ekanini qayd etdi.
Shuningdek, yig‘ilish yakunida viloyatdagi professional ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish natijalari muhokama qilinib, barcha texnikumlarga yetakchi korxona va tashkilotlarni biriktirish, dual ta’lim tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.


