Suv boshqaruvi va ekotizimlar bo‘yicha ta’lim dasturlari
Universitetda sho‘r suv ekotizimlari, suvni sug‘orish amaliyotlari va suvni boshqarish, saqlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lib, tabiiy fanlar yo‘nalishidagi talabalarga dars mashg‘ulotlari sifatida o‘qitilib kelinmoqda. Mazkur ta’lim dasturi mahalliy va milliy jamoalarda sho‘r suv ekotizimlarini barqaror boshqarish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘orish tizimlarini ekologik talablar asosida tashkil etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Dastur orqali talabalar sho‘rlanish jarayonlarining asosiy sabablari, ularning qishloq xo‘jaligi hamda tabiiy ekotizimlarga ta’siri, shuningdek, suvni tejashga yo‘naltirilgan zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv mexanizmlari bilan tanishadilar.
Jumladan, Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlari hududida joylashgan Kattaqum cho‘lining aholi yashash joylariga (ko‘chma qum, issiq garmsel shamollar) salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ilmiy asoslangan yechim va takliflar ishlab chiqilmoqda.
Buning doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:
joyni o‘rganish va monitoring qilish,
masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish,
hududni xaritalashtirish va tahlil qilish,
cho‘l hududlarini ko‘kalamzorlashtirish rejalari,
ko‘chma qum barxanlarini mustahkamlash choralarini ishlab chiqish,
yashil ihotazorlar (yashil belbog‘lar)ni barpo etish,
cho‘lga mos o‘simliklar turlarini tanlash va ularni ekish strategiyasini ishlab chiqish.
Ushbu qilingan ishlar natijasida Surxondaryo iqlimi va ekologiyasi barqarorligini ta’minlash, aholi salomatligi va yashash sharoitlarini yaxshilashda muhim ahamiyat ega hisonlanadi.
Bundan tashqari Boysun tumani Darband qishlog’ida tajribali ustozlar rahbarligida suv, havo va tuproq tarkibini tahlil qilishmoqda. Bu esa – qishloq xo‘jaligi, ekologiya, sog‘liqni saqlash bilan bogʻliq muammolar yechimida va ilmiy tadqiqotlarda juda muhim hisoblanadi. Bu jarayonda ular nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlashmoqda, balki tabiiy sharoitda ilmiy kuzatuvlar olib borish, namunalar yig‘ish va tahlil qilish ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishyapti.