Ayol-qizlar uchun maxsus dasturlar
Termiz davlat universitetida ayol va qizlar uchun turli maxsus imkoniyatlar, mentorlik dasturlari, stipendiyalar va qo‘llab-quvvatlash kurslari faoliyat yuritadi. Bu imkoniyatlar universitet tomonidan quyidagi shakllarda taqdim etiladi.
Bundan tashqari, O ‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2022-yil 15-avgust 477-sonli qaroriga binoan Termiz davlat universitetining magistratura bosqichida o‘qiydigan ayol-qizlar to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat grandi asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Xorijiy filologiya fakultetida o‘tkazilgan ilhomlantiruvchi uchrashuv davomida mentor o‘zining tadbirkorlik yo‘lidagi ilk qadamlaridan, ish jarayonlaridagi tajribalari, duch kelgan qiyinchiliklar va ulardan chiqarilgan xulosalarni hayotiy misollar bilan ishtirokchilarga yetkazdi. Uchrashuvda talaba-qizlarga vaqtni samarali taqsimlash, maqsad qo‘yish va unga erishish bosqichlarini belgilash, o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash hamda biznes g‘oyalarni shakllantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Tadbir talabalarda o‘z ustida ishlash, tashabbus ko‘rsatish va hayotda aniq maqsad sari harakat qilish motivatsiyasini mustahkamladi.
Shuningdek, universitetda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi. Iqtisodiyot fakultetida viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, fakultet mas’ullari, tyutorlar hamda talaba-qizlar ishtirokida “OITS – asr vabosi” mavzusida o‘tkazilgan tadbir yoshlarda sog‘lom hayotga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, OITS haqida to‘g‘ri tushuncha hosil qilish va profilaktikaning ahamiyatini keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, talaba-qizlar ishtirokida “Rahbar ayol imijini yaratish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Xotin-qizlar maslahat kengashi mas’ullari tashabbusi bilan tashkil etilib, ayol rahbarning jamiyatdagi o‘rni, professional imijni shakllantirish va muvaffaqiyat sari intilish yo‘llari haqida qimmatli ma’lumotlar berildi, hayotiy tavsiyalar almashildi.
Mazkur tadbirlar Termiz davlat universitetining ayol va qizlar uchun qo‘llab-quvvatlash, mentorlik va shaxsiy hamda professional rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishdagi faoliyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.