Oziq-ovqat ta'minoti
Termiz davlat universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi siyosatiga muvofiq ravishda mahalliy fermer xo‘jaliklari, dehqonlar, chorvadorlar bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan samarali hamkorlik olib bormoqda. Universitet o‘zining ilmiy salohiyati, tajribali professor-o‘qituvchilari va amaliy bazasi orqali viloyatimizda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda barqaror qishloq xo‘jaligi tizimini shakllantirishga faol hissa qo‘shmoqda.
Universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Tabiiy fanlar fakulteti, Ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi, Botanika kafedrasi, Zoologiya kafedrasi hamda Suv xo‘jaligi va ekologik muhandislik yo‘nalishlari doirasida fermer xo‘jaliklari vakillari uchun muntazam seminar, trening va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ushbu tadbirlar orqali fermerlar zamonaviy ekin parvarishi, organik dehqonchilik va tuproq unumdorligini oshirish usullari, o‘simlik va hayvon kasalliklariga qarshi ekologik xavfsiz kurash choralari, suv resurslaridan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashning ilg‘or usullari barqaror ishlab chiqarish modellari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishmoqda.
Professor-o‘qituvchilarimiz, jumladan, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professorlar, ilmiy darajali o‘qituvchilar joylarda amaliy ko‘mak berish maqsadida fermer xo‘jaliklariga chiqish mashg‘ulotlari o‘tkazadilar. Ushbu uchrashuvlar davomida ular dala sharoitida zarur agrotexnik tavsiyalar, urug‘lik tanlash, hosildorlikni oshirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha maslahatlar beradilar.
Termiz davlat universitetida faoliyat yuritayotgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va innovatsion markazlar orqali yangi agrotexnologiyalar, biogumus ishlab chiqarish, o‘g‘it turlari, suvni tejaydigan texnik vositalar bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning ayrimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy fermerlar bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Shuningdek, universitet “Barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi” ilmiy markazini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan bo‘lib, bu markaz orqali O‘zbekiston janubiy hududining agroekologik xususiyatlarini o‘rganish, mahsulot yetishtirish va saqlash jarayonlarida chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish, aholining oziq-ovqat xavfsizligi darajasini oshirish hamda fermer xo‘jaliklarida ilmiy asoslangan ishlab chiqarish tizimlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy va amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Surxondaryo viloyatining iqlim sharoiti va suv resurslari imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Termiz davlat universiteti suv xo‘jaligi, baliqchilik va akvakultura sohalarida ham faol tadqiqotlar olib bormoqda. Universitet olimlari va talabalari ishtirokida mahalliy baliqchilik xo‘jaliklari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, suv havzalarida ekologik barqaror muhit yaratish, mahalliy sharoitga mos baliq turlarini ko‘paytirish, ularning ozuqasi va parvarishi bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Universitet viloyatdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi”, Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Ekologiya qo‘mitasi hamda Mahalliy hokimliklar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Ushbu hamkorlik natijasida har yili o‘nlab fermerlar universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida tahsil oladilar.
Talabalar esa o‘z navbatida o‘quv-amaliyot jarayonida fermer xo‘jaliklarida tajriba o‘tkazib, olingan natijalarni ilmiy asosda tahlil qiladilar. Bu esa yosh mutaxassislarning amaliy tajribasini oshirish bilan birga, fermerlar uchun real ilmiy natijalarni taqdim etishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Termiz davlat universiteti mahalliy fermerlar, dehqonlar va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarni bilim, ko‘nikma hamda zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlashda faol ishtirok etib kelmoqda. Universitet jamoasi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ekologik barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va akvakultura sohasida innovatsion yechimlarni joriy etish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.
Shu bilan birga, universitet kelgusida xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar va xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish orqali Surxondaryo viloyati va umuman O‘zbekiston janubiy hududlarining agrar salohiyatini yanada rivojlantirishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi.