Fermerlar bilan universitet olimlarining hamkorligi
Termiz davlat universitetida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda bu borada xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator dasturlar va loyihalar ishlab chiqilgan.
Termiz davlat universiteti Surxondaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda mahalliy fermerlar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida bir qator amaliy tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Universitetning Tabiiy fanlar fakultetida “Botanika, Zoologiya va Ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi” faoliyat yuritadi. Ushbu kafedralar orqali viloyatdagi fermer xo‘jaliklari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari hamda universitet olimlari o‘rtasida muntazam seminarlar, treninglar va ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi. Tadbirlar davomida zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, ekinlardan yuqori hosil olish usullari, mahsulotni qayta ishlash va saqlash texnologiyalari, ekologik toza oziq-ovqat ishlab chiqarish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, Termiz davlat universiteti Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, “Agrobank”, “Oziq-ovqat sanoati” uyushmasi, Sabzavot poliz va kartoshka ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasi hamda xalqaro tashkilotlarning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha loyihalari bilan hamkorlikda fermerlar uchun amaliy o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘ygan.
So‘nggi yillarda universitet va fermerlar o‘rtasida o‘tkazilgan qo‘shma tadbirlar natijasida:
· 20 dan ortiq fermer xo‘jaliklari zamonaviy agrotexnologiyalar bilan tanishtirildi;
· 10 ga yaqin ilmiy tadqiqot amaliyotga joriy etildi;
· viloyatdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi barqaror oshmoqda;
· universitet va ishlab chiqarish sektori o‘rtasida barqaror aloqalar shakllandi.
Termiz davlat universitetining agrar sohada olib borayotgan faoliyati nafaqat ilmiy tadqiqotlar bilan cheklanib qolmay, balki hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fermerlar salohiyatini oshirish va barqaror ishlab chiqarish tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi hamkorliklar ko‘lamini yanada kengaytirish, xalqaro tajribalarni joriy etish hamda yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan