Kampusda piyodalar uchun yo'l
Termiz davlat universitetida piyodalar yoʻlaklari siyosati zamonaviy qulayliklar va xavfsizlik talablari asosida tashkil etilgan. Har bir bino kirish qismida zinapoyalar bilan bir qatorda nogironlar aravachasi uchun alohida panduslar (yo‘lakchalar) o‘rnatilgan bo‘lib, bu imkoniyati cheklangan shaxslarning ham binolarga bemalol kirib-chiqishlarini ta’minlaydi. Universitet hududida yo‘nalishlarni oson topish maqsadida ko‘rsatkich belgilar oʻrnatilgan, bunda har bir bino va yotoqxona (TTJ) manzillari aniq koʻrsatib qoʻyilgan.
Shuningdek, kechki vaqtlarda ham talabalar va xodimlar xavfsiz harakatlanishlari uchun butun universitet bo‘ylab piyodalar yo‘laklari yorug‘lik bilan ta’minlangan. Bunda ekologik toza texnologiyalardan foydalanilib, sensorli va quyosh energiyasi yordamida zaryad oluvchi chiroqlar oʻrnatilgan. Bu esa energiya tejamkorligi bilan birga, doimiy yoritilish imkoniyatini ham yaratadi.
Xavfsizlik choralariga ham alohida e’tibor qaratilgan: universitet hududiga kirishda mashinalar va piyodalar uchun alohida darvoza va eshiklar tashkil qilingan. Bu esa piyodalar harakatini yanada xavfsiz va tartibli qiladi.
Umuman olganda, Termiz davlat universitetidagi piyodalar yo‘lagi siyosati qulaylik, xavfsizlik va inklyuzivlik tamoyillari asosida shakllantirilgan bo‘lib, barcha talaba va tashrif buyuruvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.