Xodimlar va o’qituvchilarni ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlash
Termiz Davlat Universiteti o‘z xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida arzon va imtiyozli uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Shu maqsadda universitet “Surxon Sanoat Qurilish” MChJ bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan. Mazkur hamkorlik doirasida universitet xodimlariga yangi barpo etilayotgan turar joylardan imtiyozli to‘lov shartlari asosida uy-joy sotib olish imkoniyati yaratilgan. Jumladan Universitet va “Surxon Sanoat Qurilish” MChJ o‘rtasidagi hamkorlik 2023-yilda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu kelishuv universitet xodimlari uchun ijtimoiy yo‘nalishdagi imtiyozli turar joylar va ularni arzon narxlarda taqdim etishni nazarda tutadi.
Hamkor tashkilot tomonidan qurilgan ko‘p qavatli uylarda universitet o‘qituvchilari va ishchi-xizmatchilari uchun maxsus chegirmalar, bo‘lib-bo‘lib to‘lash tizimi, shuningdek muddatli to‘lov imtiyozlari joriy etilgan. Universitet rahbariyati tomonidan uy-joyga muhtoj xodimlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning har biriga tegishli ma’lumotnoma va tavsiyanomalar beriladi.
Shu kungacha jami 46 nafar universitet xodimi ushbu dastur orqali imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olgan, hamda xodimlar allaqachon yangi turar joylarga ko‘chib o‘tgan bo‘lib, bu tashabbus ularning ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Universitet rahbariyati tomonidan xodimlarni arzon uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ichki dastur ishlab chiqilgan. Ushbu dastur universitetning “Xodimlar uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash siyosati” doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur tashabbus nafaqat universitet xodimlari farovonligini oshiradi, balki Termiz shahrida barqaror va qulay turar joy infratuzilmasini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi. Shu orqali universitet SDG 11 – “Sustainable Cities and Communities” maqsadining “arzon uy-joy va ijtimoiy integratsiya” yo‘nalishiga bevosita hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek ushbu “Surxon Sanoat Qurilish” kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan talaba yoshlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida doimiy uchrashuvlar tashkil etilib boriladi.
Surxon vohasining yirik tadbirkorlaridan biri - "Surxon sanoat qurilish" kompaniyasi boshqaruv raisi, senator Baxodir Qodirov bilan iqtidorli talabalar uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda tajribali tadbirkor o‘zining hayot yo‘lida erishgan natijalari hamda ungacha bo‘lgan ayrim qiyinchiliklari va muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida talabalarga so‘zlab berdi.
Oliygoh bitiruvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda yoshlarga jamiyatda munosib kasbni egallashlari va malakali mutaxassis sifatida shakllanishlari uchun kerak bo‘ladigan tavsiyalar berildi.
Talabalarni qiziqtirgan savollarga tadbirkor tomonidan yetarlicha javoblar berilib, o‘qishni bitirgandan so‘ng "Surxon sanoat qurilish" kompaniyasi tarkibidagi korxonalarda dastlabki mehnat faoliyatini boshlashlari mumkinligi kompaniya raisi tomonidan bildirib o‘tildi.