Rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish
Termiz davlat universitetida mavjud infratuzilmani yangilash va zamonaviy o‘quv hamda boshqaruv muhitini yaratish maqsadida A. Navoiy ko‘chasi, 42-uy manzilida joylashgan 4-o‘quv bino rekonstruksiya qilindi. Ushbu bino 1973-yilda qurilgan bo‘lib, umumiy maydoni 11 830 kv.metrni tashkil etadi.
Binoning jismoniy eskirganligi, muhandislik tarmoqlarining zamonaviy talabga javob bermasligi sababli, 2024-yilda kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Rekonstruksiya jarayonida bino to‘liq qayta ta’mirlanib, zamonaviy “Registrator Office” (talabalar hujjatlarini rasmiylashtirish va ma’muriy xizmatlar markazi) sifatida foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyiha doirasida bino fasadi yangilandi, ichki xonalar to‘liq modernizatsiya qilindi, energiya tejamkor yoritish tizimlari va issiqlik izolatsiyasi o‘rnatildi. Shuningdek, elektron navbat tizimi, hujjatlar aylanishi uchun avtomatlashtirilgan dasturiy ta’minot, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun panduslar va liftlar o‘rnatildi.
Natijada, avval 350 o‘ringa mo‘ljallangan bino zamonaviy talablar darajasida qayta jihozlanib, qulay, texnologik va xizmat ko‘rsatish sifati yuqori bo‘lgan yangi ma’muriy markazga aylandi. Bu esa universitetda boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, talabalarga tezkor xizmat ko‘rsatish hamda shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Termiz davlat universiteti ushbu loyiha orqali ta’lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan strategik maqsadlarini amalda ro‘yobga chiqarmoqda.