Sog'lom hayot
Termiz davlat universiteti talaba va xodimlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish hamda zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish maqsadida ixtisoslashgan tibbiyot punktini tashkil etgan. Mazkur tibbiyot punkti universitet kampusi hududida joylashgan bo‘lib, u doimiy faoliyat yuritadi va kunlik tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Tibbiyot punktida 2 nafar malakali shifokor va 4 nafar tajribali feldsherlar muntazam ish olib boradi. Ular nafaqat birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatadilar, balki talabalar va xodimlar sog‘lig‘ini muntazam kuzatib boradilar. Shuningdek, muntazam tibbiy ko‘riklar, emlash tadbirlari va kasalliklarning erta aniqlanishiga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar ham olib boriladi.
Punkt faoliyati universitetga qarashli barcha binolarni, jumladan 7 ta talabalar turar joyi, o‘quv binolari va sport inshootlarini tibbiy nazorat bilan qamrab olgan. Bu esa talabalarga xavfsiz, sog‘lom va qulay ta’lim muhitini yaratish imkonini beradi.
Bundan tashqari, universitetning asosiy kampusi strategik jihatdan qulay joylashuvga ega. Asosiy kampusdan 500 metr radiusda joylashgan bir qator yirik tibbiyot muassasalari universitet jamoasi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan:
Viloyat Kardiologiya ilmiy-tadqiqot markazi,Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Surxondaryo bo‘limi, Termiz shahar tez yordam punkti, Termiz shahar perinatal markazi.
Ushbu tibbiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, zarur holatlarda universitet tibbiyot punktidan bemorlar ushbu markazlarga tezkor ravishda yuboriladi. Bu tizim talabalarning tibbiy xavfsizligini yanada mustahkamlaydi va sog‘lom muhitni ta’minlaydi.
Mazkur kompleks yondashuv Termiz davlat universitetining talabalar salomatligi va farovonligiga qaratilgan siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Universitet nafaqat sifatli ta’lim, balki talabalarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlashni ham o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.